|
"Lalmi yerlarda qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirish va cho‘l yaylovlarni yaxshilash mashinalari" laboratoriyasi Laboratoriya rahbari
Laboratoriyaning asosiy ilmiy yo‘nalishlari: - lalmi ekinlarini yetishtirish va cho‘l yaylovlarni yaxshilash mashinalarining mavjudlarini takomillashtirish, zamonaviy tuproqni himoyalaydigan va resurstejamkor texnologiyalarni amalga oshiruvchi mashinalarni yaratish borasida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish; - lalmi maydonlarda va cho‘l yaylovlarida mashinalardan samarali foydalanish, tuproqqa ishlov berish, ekish va o‘rim-yig‘im ishlarini maqbul muddatlarda o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berish; - yaratilgan va takomillashtirilgan mashinalarni ishlab chiqaruvchi mahalliy va xorijiy mashinasozlik korxonalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish; - joriy qilinayotgan texnolgiyalar va mashinalar ustida mualliflik nazoratini olib borish; - lalmi maydonlarda ekinlar yetishtirish va cho‘l yaylovlarni yaxshilash mashinalarini joriy qilish bo‘yicha seminarlar o‘tkazish. Laboratoriya xodimlari to‘g‘risida ma’lumot
Laboratoriya “Lalmi yerlarda qishloq xo‘jalik ekinlarini parvarishlash va cho‘l yaylovlarni yaxshilash mashinalari” nomi bilan 2014 yilda tashkil qilingan. Laboratoriyada yaratilgan yangi ilmiy ishlanmalar
Lalmi yerlarda tuproqqa minimal ishlov berib, urug‘ ekuvchi kombinatsiyalashgan ekish agregatining laboratoriya-dala qurilmasi
Cho‘l yaylovlarda urug‘ ekuvchi AYM-2,1 kombinatsiyalashgan agregati
Cho‘l ekinlari uchun o‘rgich-yig‘gich Lalmi yerlar dehqonchiligi uchun istiqbolli texnologiya Respublikamizda bugungi kundagi eng dolzarb muammo dehqonchilik mahsulotlarini yetishtirishdagi saf-xarajatlarni kamaytirish va tuproq strukturasini yaxshilashdan iborat. Bu muammolarning yechimi esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri qishloq xo‘jaligining mexanizatsiya ishlari bilan bevosita bog‘liqdir. Ayniqsa foydalanish mumkin bo‘lgan lalmi maydonlarining 75-80 foizi yaylov sifatida foydalanilmoqda. Lalmi maydonlaridan samarali foydalanish, tuproqning meliorativ holatini yomonlashtirmagan holda qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirish resurstejamkor texnologiya va texnika vositalarini yaratish va joriy qilish bilan bevosita bog‘liqdir. Bugungi kunda qo‘llanilib kelinayotgan an’anaviy texnologiyadagi bajariladigan operatsiyalar ya’ni, shudgorlash, shudgorlashdan keyingi paydo bo‘ladigan egat va marzalarni tekislash, chizellash, mola-borona bosish, urug‘ ekish, mineral o‘g‘itlar berish, begona o‘tlarga qarshi kurashish kabi amaliyotlar lalmi sharoitida qamrov kengligi kichik bo‘lgan mashinalarning alohida-alohida o‘tishi bilan amalga oshirilmoqda. An’anaviy texnologiyadagi bu jarayonlarning alohida-alohida bajarilishi birinchi navbatda tuproqning meliorativ holatini yomonlashuviga ya’ni, dalaga ko‘p marta tegishli agregatlar kiritilishi, oqibatda traktor va mashina g‘ildiraklari ta’sirida tuproq me’yoridan ortiq zichlanishi, zararli changsimon holatdagi qismi ko‘payishi, suvni shimuvchanligi o‘zgarishi eroziya jarayonlarini tezlashishiga sabab bo‘ladi. Qolaversa mehnat, yonilg‘i sarfining yuqori bo‘lishiga, shu bilan birga tuproqqa ishlov berish va ekish jarayonlariga ko‘p vaqt talab qilinishiga olib keladi. Natijada ekish ishlari yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ladigan mavsumlarga to‘g‘ri kelganligi uchun ekish jarayonlari cho‘zilib ketadi va ekish muddatlari kechikib ketishi, oqibatda esa kech ekilgan ekinlarning rivojlanishi sust bo‘lib, hosildorlik past bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ayni vaqtda QXMEIda lalmi maydonlarda tuproqqa minimal ishlov berish bilan bir yo‘la urug‘ ekish texnologiyasi va uni amalga oshiruvchi texnika vositasi ustida tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Texnologiyalarni (an’anaviy va yangi) taqqoslash bo‘yicha qo‘yilgan dala tajribalari hamda yangi texnologiyani amalga oshiruvchi kombinatsiyalashgan pnevmatik ekkichning dastlabki ish ko‘rsatkichlariga ko‘ra sarf-xarajatlar 2,0-2,5 martaga kamayadi, operatsiyalarning bir paytda bajarilishi tuproqning meliorativ holatiga salbiy ta’sir qilmaydi va ekish muddatlari qisqaradi hamda ochiq kunlardan samarali foydalaniladi. Shuning uchun kombinatsiyalashgan pnevmatik ekkichni ishlab chiqarish va f/x da tadbiq qilish maqsadga muvofiqdir. Agar mashina ishlab chiqarishga joriy qilinsa, bugungi kunda an’anaviy texnologiya bilan lalmi yerlarda yetishtirilayotgan (150-200 ming ga.) ekinlarga (bug‘doy, maxsar) qilinayotgan sarf-xarajatlar bilan 3-4 marta ko‘proq maydonlarga qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirish imkoniyati tug‘iladi. Kombinatsiyalashgan pnevmatik ekkichning texnologik jarayonlarini bajarilishida tuproqqa ishlov beruvchi ish organlari (disk, prujinali stoyka) asosiy vazifani bajaradi. Bu esa ish organlarining materialiga bevosita bog‘liq bo‘lib, ayni vaqtda prujinali stoykalar mahalliy zavodlarda ishlab chiqarilmaydi. Kombinatsiyalashgan ekish agregatini xorijiy firmalar hamkorligida yoki ish organlarini sotib olgan holda (diskli diametri 420-450 mm, prujinali stoyka 40x40 mm) mahalliy zavodlarda ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Tuproqqa minimal ishlov berish va urug‘ ekish ishlarini bir paytda bajaruvchi kombinatsiyalashgan pnevmatik ekkichning komponovka sxemasi Olib borilgan tadqiqot ishlari davomida bir o‘tishda bir necha texnologik jarayonlarni amalga oshiruvchi kombinatsiyalashgan pnevmatik ekkichga dastlabki talablar va texnik topshiriq ishlab chiqilgan. Ular asosida KPE ish organlarining joylashuv (komponovka) sxemasi taklif qilindi. Kombinatsiyalashgan ekish agregatining sxemasi quyida keltirilgan. Ishlab chiqilgan kombinatsiyalashgan pnevmatik ekkichning laboratoriya-dala qurilmasi asosiy bo‘ylama rama 1 ga rostlanish imkoniyati bilan biriktirilgan kichik rama 2 ga alohida-alohida o‘rnatiladigan diskli ish organlar 3, ramaga ikki qator qilib joylashtirilgan prujinali stoykalar 4 ga o‘rnatilgan qanotli yumshatuvchi panja 5 lar, yo‘lakshakllantirgich 6 lar, bir qator qilib ramaga biriktirilgan ko‘mgich-tekislagich 7 lar va rostlanuvchan zichlovchi katok 8 dan iborat (1-rasm).
1-rasm. Kombinatsiyalashgan pnevmatik ekkich laboratoriya-dala qurilmasi ish organlarining joylashuv sxemasi Ramaning ustki qismida urug‘ bunkeri 9 va mineral o‘g‘it bunkeri 10 o‘rnatilgan bo‘lib, ularning pastki qismida me’yorlagichlar 11, 12 joylashtirilgan. Me’yorlagichlarga rama yon tomonda o‘rnatilgan g‘ildirak 13 yordamida zanjirli uzatmalar vositasida harakat uzatiladi. Bunkerlar oralig‘ida urug‘larni taqsimlagich 14 o‘rnatilgan bo‘lib, prujinali stoykaga mahkamlangan urug‘yo‘naltirgich 15 lar bilan urug‘o‘tkazgich 16 lar vositasida bog‘langan. Ramaning old qismidagi ventilyator 17 me’yorlagich 11 va urug‘taqsimlagich 14 bilan quvur 18 orqali bog‘langan. Qurilmani transport holatidan ish holatiga o‘tkazish va aksincha, ramaga gidrotsilindr 19 vositasida rostlanadigan qilib o‘rnatilgan g‘ildirak 20 orqali amalga oshiriladi. Qurilmani energiya vositasi bilan agregatlash uchun tirkash qurilmasi 21 ko‘zda tutilgan. Gidravlik yuritma vositasida g‘ildirak 20 o‘z o‘qi bilan birga ramaga yaqinlashtiriladi va qurilma ish holatiga o‘tadi. Qurilmada yerni yumshatish va ekish texnologik jarayonlari quyidagicha kechadi. Birinchi va ikkinchi qatorda joylashgan diskli ishchi organlar 3 yerga 150 mm chuqurlikkacha kirgan holda ishlov berib, yer yuzasidagi o‘simlik qoldiqlarini tuproqqa aralashtiradi. Uchinchi va to‘rtinchi qatordagi prujinali stoyka 4 larga o‘rnatilgan qanotli panja 5 larning har biri tuproqqa 270 mm kenglikda va 200 mm chuqurlikda ishlov beradi. Prujinali stoykaga o‘rnatilgan yo‘lakshakllantirgich 6 tuproq namligi va urug‘ ekishga qo‘yilgan talablardan kelib chiqib, 140 mm kenglikda va 20-100 mm chuqurlikdagi tubi yengil zichlangan yo‘lakni shakllantiradi. Urug‘ bunkeri 9 ning tubida joylashgan va harakatni g‘ildirak 13 dan zanjirli uzatma vositasida oladigan me’yorlagich 11 tomonidan ajratilgan urug‘lar ventilyator 17 tomonidan hosil qilingan havo oqimi yordamida quvur 18 bo‘ylab taqsimlagich 14 tomonga yo‘naltiriladi. Taqsimlagichda urug‘lar urug‘o‘tkazgich 16 larga taqsimlanadi va qanotli panja 5 lar hamda yo‘lakshakllantirigich 6 lar tomonidan tayyorlangan yo‘lakchalarga yo‘naltirgich 15 vositasida tashlab beriladi. Yo‘lakchalarning eni bo‘ylab bir tekis tashlab berilgan urug‘lar ko‘mgich-tekislagich 7 lar vositasida tuproq bilan ko‘miladi. Keyingi jarayon yo‘lakchalar ustidagi yumshoq tuproqni yuza zichlash jarayoni bo‘lib, u zichlovchi katok 8 yordamida amalga oshiriladi. Keltirilgan sxemadagi kombinatsiyalashgan pnevmatik ekkichning tuproqqa minimal ishlov beruvchi hamda urug‘ni pnevmatik usulda ekuvchi qismlari tayyorlanib, dala sharoitida dastlabki tekshiruvdan o‘tkazildi. Texnologik jarayonlarning bajarilish ketma-ketligi bo‘yicha mashina asosiy ramasining oldingi qismida ish organlarining birinchi moduli, ya’ni individual sferik disklar ikki qator joylashtirilgan bo‘lib, tuproqqa 10 sm gacha ishlov beradi (2-rasm).
2-rasm. Kombinatsiyalashgan pnevmatik ekkichning laboratoriya-dala qurilmasi O‘rta qismida ikki qator chizelli ish organlari o‘rnatilgan va undan keyingi qatorda bir qator qilib, ko‘mgich tekislagich joylashtirilgan bo‘lib, ramaning orqasiga tuproqni zichlab, kesaklarni ezuvchi katok o‘rnatilgan. Mashinaning bunkeri asosiy ramaning ustiga joylashtirilgan bo‘lib, bunker ikki kameraga ajratilgan. Birinchi kamera o‘g‘it solishga mo‘ljallangan va bunkerning ostiga o‘g‘it me’yorlagich joylashtirilgan. Ikkinchi kamera urug‘ ekishga mo‘ljallangan bo‘lib, bunkerning orqa tomoni ostiga me’yorlagich o‘rnatilgan. Me’yorlagichdan o‘tgan urug‘larni taqsimlash uchun bunkerning ichida urug‘ taqsimlagich joylashtirilgan va urug‘o‘tkazgichlar vositasida ekkichlarga (yo‘lakshakllantirgichga) biriktirilgan. Urug‘ ekuvchi yo‘lakshakllantirgichlar esa ikki qator qilib ramaga o‘rnatilgan chizelli ish organlari stoykasiga biriktirilgan. Urug‘ ekuvchi ish organlari birinchi qatorda 7 ta, ikkinchi qatorda 8 ta joylashtirilgan. Urug‘ ko‘mgich-tekislagichlar esa 8 ta yo‘lakchadagi urug‘ni ko‘mish uchun mo‘ljallab alohida joylashtirilgan. Urug‘ ko‘mgich-tekislagichni tayyorlashda o‘lchami 900x70x8 mm bo‘lgan 65 G rusumli po‘lat materialdan foydalanildi. Kombinatsiyalashgan pnevmatik ekkich konstruksion tuzilishiga ko‘ra, asosiy bo‘ylama ramaga rostlanish imkoniyati bilan biriktirilgan kichik ramaga alohida-alohida o‘rnatiladigan diskli ish organlar, asosiy ramaga ikki qator qilib joylashtirilgan prujinali stoykalarga o‘rnatilgan qanotli yumshatuvchi panjalar, yo‘lakshakllantirgichlar, bir qator qilib ramaga biriktirilgan ko‘mgich-tekislagichlar va rostlanuvchan zichlovchi katokdan iborat. Ramaning ustki qismida urug‘ va mineral o‘g‘it bunkeri o‘rnatilgan bo‘lib, ularning pastki qismida me’yorlagich joylashtirilgan. Me’yorlagichga ramaning pastki qismiga o‘rnatilgan g‘ildirak yordamida zanjirli uzatmalar vositasida harakat uzatiladi. Urug‘larni taqsimlagich bunker ichida o‘rnatilgan bo‘lib, taqsimlagichdan tushayotgan urug‘lar urug‘o‘tkazgich orqali prujinali stoykaga mahkamlangan urug‘yo‘naltirgichlarga havo yordamida yuboriladi va ochilgan yo‘lakchalarga ekiladi. Ramaning old qismidagi ventilyator me’yorlagich va urug‘taqsimlagich bilan quvur orqali bog‘langan. Qurilmani transport holatidan ish holatiga o‘tkazish va aksincha, ramaga gidrotsilindr vositasida rostlanadigan qilib o‘rnatilgan g‘ildirak orqali amalga oshiriladi. Qurilma energiya vositasi bilan tirkash qurilmasi orqali agregatlanadi. Kombinatsiyalashgan pnevmatik ekkichning texnologik ish jarayoni quyidagicha amalga oshadi. 3-rasmda bajariladigan texnologik ish jarayonining sxemasi keltirilgan. Ekkich asosiy rama 1 ga o‘rnatilgan diskli 2, chizelli 3 ish organlaridan, izyopgichlar 4 va katok 5dan tashkil topgan bo‘lib, ular tuproqqa ishlov berish jarayonlarini amalga oshiradi. Rama 1 ning ustida urug‘ bunkeri 7 joylashtirilgan bo‘lib, uning pastki qismiga urug‘larni me’yorlagich 8 joylashtirilgan. Me’yorlagichdan o‘tgan urug‘larni taqsimlash uchun bunkerning ichki qismiga taqsimlagich 9 o‘rnatilgan. Taqsimlagichga biriktirilgan urug‘o‘tkazgich 10 lar urug‘larni urug‘yo‘naltirgich 11 larga yuboradi va ekish jarayoni amalga oshiriladi.
3-rasm. Kombinatsiyalashgan pnevmatik ekkichning texnologik ish jarayoni Ramaning oldingi qismida ikki qator qilib joylashtirilgan diskli ish organlari tuproqni 10 sm chuqurlikkacha yumshatib, o‘simlik qoldiqlarini kesadi va tuproqqa aralashtiradi. Keyingi qatorda esa ikki qator qilib o‘rnatilgan prujina stoykali ish organlari tuproqni 25 sm gacha yumshatadi. Prujinali stoykalar orqasida biriktirilgan yo‘lakochgichlar urug‘ uchun 10 sm chuqurlikkacha yo‘lakchalar ochadi. Ochilgan yo‘lakchalardagi urug‘larni ko‘mish uchun keyigi qatorda bir qator izyopgichlar joylashtirilgan bo‘lib, urug‘larni ko‘mib ketadi. Ko‘milgan urug‘larning tuproqqa zich tegib turishini ta’minlash maqsadida katok tuproqni yengil zichlab o‘tadi. Ramaning ustida joylashtirilgan urug‘ bunkerining sigimi 1500 kg ni tashkil qiladi. Bunkerning pastki qismida joylashtirilgan me’yorlagich urug‘larni belgilangan me’yorda ajratib, havo quvuriga beradi. Urug‘lar havo oqimi yordamida taqsimlagichga uzatiladi. Taqsimlagichda urug‘lar 15 ta urug‘o‘tkazgichlarga taqsimlanadi hamda havoning ta’sirida urug‘yo‘naltirgichlarga yetkazib beriladi. Urug‘yo‘naltirgichlar prujinali stoykalar orqasida biriktirilgan yo‘lakochgichlar yordamida 14 sm kenglikda ochilgan yo‘lakchalarga urug‘larni tashlaydi. Birinchi qatordagi chizelli ish organlari ochgan yo‘lakchalarga tushgan urug‘larni ikkinchi qatordagi chizelli ish organlari ko‘madi. Ikkinchi qatordagi chizelli ish organlari ochgan yo‘lakchalarga tushgan urug‘larni esa bir qator qilib chizelli ish organlari orqasida joylashtirilgan izyopgichlar ko‘mib ketadi. Ko‘milgan urug‘lar tekis yuzali katok bilan yengil zichlanadi. Bu esa namlikning saqlanishiga va urug‘larning tuproqqa zich tegib turishiga sharoit yaratadi, natijada ularning unib chiqishi tezlashadi.
4-rasm.Kombinatsiyalashgan pnevmatik ekkich LDQda ekish jarayoni amalga oshirilmoqda Ishlab chiqilgan sxemadagi mashina bir o‘tishda tuproqqa minimal ishlov berish usuli bilan bir necha operatsiyalarni bir vaqtda bajarib, donli va moyli ekinlar urug‘ini ekishga mo‘ljallangan. Kombinatsiyalashgan pnevmatik ekkichni kullash lalmi ekinlarini yetishtirishda tuproqqa ishlov berish va ekish jarayonlarini qisqa muddatlarda, kam sarf-xarajatlar bilan amalga oshirishga, shu bilan birga ekinlardan yukori hosil olinishiga imkoniyat yaratadi. Kombinatsiyalashgan pnevmatik ekkichni qo‘llashning yillik iqtisodiy samarasi 71155895 so‘mni tashkil qiladi. 2017 yilda grant mavzusi bo‘yicha nashr etilgan maqolalar 1. С.М.Мўминов, М. Жўраев. Лалми ерлар учун ресурстежамкор технология ва пневматик эккич //Долзарб муаммолар ва ривожланиш тенденциялари //Республика илмий- амалий анжумани. -Жиззах: ЖизПИ, 2017. апрел. –Б 381-386. 2. С.М.Мўминов. Уруғларнинг меъёрланиши ва тақсимланиш нотекислиги бўйича тадқиқот натижалари //Долзарб муаммолар ва ривожланиш тенденциялар: Республика илмий амалий анжумани. ЖизПИ, Жиззах 2017 й., апрел. –Б 386-388. 3. С.М.Мўминов, Ф.Н.Муродов. Пневматик эккич меъёрлагичининг параметрларини асослаш. //Юқори самарали қишлоқ хўжалик машиналарини яратиш ва улардан фойдаланиш даражасини ошириш: Республика илмий-амалий конференцияси. – Тошкент: ҚХМЭИ, 2017. май. –Б 150-154. 4. С.М.Мўминов, А.Садиров. Лалми ерларда қишлоқ хўжалик экинларини етиштириш ва чўл яйловларни яхшилаш учун истиқболли технологиялар. //Юқори самарали қишлоқ хўжалик машиналарини яратиш ва улардан фойдаланиш даражасини ошириш: Республика илмий-амалий конференцияси. – Тошкент: ҚХМЭИ, 2017. май. –Б 274-279. 5. С.М.Мўминов. Комбинациялашган пневматик эккичнинг иш органлари таҳлили ва технологик иш жараёни. //Иқлим ўзгариши шароитида ер ресурсларини барқарор бошқариш Республика илмий-амалий семинар. –Тошкент: 2017. апрел. 263-267. Ma’lumot o‘zgartirilgan sana: 28.11.2024 |